Lukashenko: "Qozog‘istondagi voqealardan, birinchi navbatda, O‘zbekiston saboq chiqarishi kerak" - deb bayonot berdi. Bu bilan nima demoqchi?

Извините, на данном статье не имеет русская версия! Перейти на главной странице

10 yanvar, dushanba kuni KXShTga a’zo davlatlar rahbarlari Qozog‘istondagi vaziyatni muhokama qildi. Unda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qizg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kabi davlatlar prezidentlari ishtirok etdi. Muhokama jarayonida Lukashenko «Qozog‘istondagi voqealardan, birinchi navbatda, O‘zbekiston saboq chiqarishi kerakligi, agar bunday qilinmasa, O‘zbekistonni ham shu holat kutib turgani»ni aytdi. Juda qiziq va jumboqli ogohlantirish, shunday emasmi? Xo‘sh, ikki yil oldin kursisi silkingan Belarus rahbari bu bilan nima demoqchi bo‘ldi? Buni faqat hozircha u biladi, xolos.

Yana qo‘shimcha ravishda, u go‘yoki O‘zbekistonga xorijdan hujum bo‘lishi haqida ishonarli ma’lumotlar borligini ham aytdi. Bu gapi bilan esa O‘zbekiston maxsus xizmatlariga nisbatan ishonchsizlik bildirdi deyish mumkin. Xuddiki, o‘zbek maxsus xizmatlari hech narsadan xabari yo‘qdek. Aslida esa O‘zbekiston har qanday ichki va tashqi xavf-xatarni oldindan baholay olish va uning oldini olishga qodir bo‘lgan harbiy-texnik va tahliliy salohiyatiga ega davlat. Janob Lukashenko bunga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Keling, uning o‘ziga xos «ogohlantirishi» ortida nimalar yotganini tahlil va taxmin qilib ko‘raylik. Masalan, «agar KXShT va YeIIga a’zo bo‘lmasanglar, sizlarda ham shunga o‘xshash holatlar yuz beradi» demoqchi bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Yoki uning Moskva bilan azaliy jiqqamushtligini (oxirgi ikki yilni hisobga olmasa albatta) inobatga olsak, u bizni Moskvaning ehtimoliy intervensiyasidan ogohlantirmoqchi bo‘lgandir. Zero, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov yozganidek, «O‘zbekiston, albatta, ehtiyot bo‘lishi kerak. Lekin, G‘arbdan emas, shimoldan ehtiyot bo‘lishi kerak. Chunki, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning izdan chiqishi, natijada, vaziyatga tashqi ta’sirning oshishi, afsuski, shimol foydasiga bo‘lish ehtimoli yuqori. Qozog‘istonda shunday bo‘ldi».

Masalaning yana bir jihatiga qaraydigan bo‘lsak, Belarus hamda O‘zbekiston ShHT, MDH doirasida va o‘zaro ikki tomonlama hamkorlar hisoblanadi. Tabiiyki, bunday paytda ikki davlat xavfsizlik organlari ham hamkorlikka ega bo‘ladi. Shunday ekan, ikki davlat xavfsizlikka tahdid fonida o‘zaro maslahatlashuv va ma’lumotlar almashish imkoniga ega. Endi Lukashenkoning yuqorida aytganidek, unda «tashqi hujum» borasida aniq va ishonarli axborotlar bor ekan, nega uni o‘zbek xavfsizlik xizmati xodimlariga taqdim qilmasdan, yuqori minbarlardan turib gapirmoqda? Savollarga javoblar ochiq.

Shu o‘rinda, O‘zbekistonning mudofaa doktrinasiga bir nazar tashlaylik. Ushbu doktrinaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati quyidagi prinsiplarga asoslangan:

boshqa davlatlarga qarshi harbiy kuch ishlatmaslik, bunda harbiy tajovuzning oldini olish va uni daf etish hollari mustasno;
xavfsizlikning bo‘linmasligi, o‘z xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yo‘l qo‘yilmasligi;
boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish;
harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik, har qanday davlatlararo tuzilmadan, agar u harbiy-siyosiy blok etib o‘zgartirilsa, chiqib ketish huquqini o‘zida saqlab qolish;
mudofaaning yetarli darajada bo‘lishi;
harbiy qurilishning zamonaviy harbiy mojarolar xususiyatiga monand bo‘lishi;yadroviy va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurolini ishlab chiqarish, olish, saqlash, tarqatish va joylashtirishdan voz kechish;
Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona to‘g‘risidagi shartnoma prinsiplariga sodiqlik;
o‘z hududida chet el harbiy bazalari va ob’ektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi;
xalqning ma’naviy-axloqiy qadriyatlariga va o‘ziga xos madaniy tamadduniga tayanish.

Yuqoridagilardan kelib chiqadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning har qanday habriy-siyosiy bloklarda ishtirok etmasligi qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilgan va o‘zbek askarlarning xorijdagi har qanday harbiy amaliyotlarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu degani o‘zbek askari boshqalarning siyosiy maqsadlari yo‘lida jang qilmaydi.

Shunday ekan, Lukashenkoning tahdidlariga o‘xshagan tahdidlarga o‘z vaqtida javob qaytarish kerak va bunga to‘liq huquqiy asoslarimiz yetarli. Bizningcha, Lukashenko bunday bayonotlar bilan 2020 yilgi o‘ziga qarshi qaratilgan xalq norozilik namoyishlari paytidagi harakatlarini legitimlashtirishga urinish va bunday «tashqi fitna»larga faqat u emas, boshqalar ham duchor bo‘lishi mumkinligini shipshitib qo‘yayotgandek tasavvur paydo qilmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistondagi tinchlik va barqarorlikning kafolati birdamlik, o‘zaro tushunish va nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishda, shuningdek, iqtisodiy o‘sishdadir. Shunday ekan bir bo‘laylik, birlashaylik va aslo bo‘linmaylik.

Jahongir Ostonov tayyorladi(bugun.uz)

Самый горячие новости на нашем ТЕЛЕГРАМ канале.


Написать комментарий