5000 odamga yetadigan Xitoy vaksinasi Toshkentga olib kelindi. Vazir rejadagi ishlar haqida ma’lumot berdi

Извините, на данном статье не имеет русская версия! Перейти на главной странице

«Bugun koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi faza sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha xitoylik hamkorlarimiz O‘zbekistonga tashrif buyurishdi. Bu avvalo, barcha jarayonlarni rejalashtirishdir. Hamkorlar bilan vaksina sinovlari o‘tkaziladigan oilaviy poliklinikalar bilan tanishish va sinov tuzilmasini ishlab chiqish masalasida gaplashib oldik.

4 kishi kecha kelgan bo‘lsa, yana 5 nafar xitoylik mutaxassislar kelishini kutyapmiz. Ular 4 oy davomida sinovlarni o‘tkazish jarayonida biz bilan birga ish olib borishadi. Vaksinalar sinovini qanday o‘tkazish kerakligi, tartib qanaqa bo‘lishi va ularning kuzatuvi qay tarzda olib borilishi bo‘yicha birinchi galda shifokorlarimiz bilan treninglar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Ikkinchidan, umumiy jarayonni muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘yamiz.

Реклама на Unews

Xitoy kompaniyasi tomonidan jo‘natilgan vakillar sinovlar asosan qaysi poliklinikalarda o‘tkazilishi bo‘yicha savollar berishdi.

Ikkita markazimiz bor: Ilg‘or texnologiyalar markazi va Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya instituti. Ularning rahbariyati ham uchrashuvda ishtirok etishdi. Savollarga javob berdik.

Xitoyliklar birinchi galda sinov o‘tkaziladigan oilaviy poliklinikalar va ulardagi shart-sharoitlar bilan qiziqishdi.

Реклама на Unews

Ikkinchisi, hamkorlarimiz har bir oilaviy poliklinikadan o‘ntadan shifokor va hamshiralar tanlab olib ular bilan suhbat o‘tkazishmoqchi.

Keyingi haftadan shifokorlarimizga treninglar o‘tkaziladi», dedi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov.

Ma’lum qilinishicha, dushanba kunidan boshlab hamkorlar bilan birga ikkita markaz rahbariyati o‘sha oilaviy poliklinikalarga borishadi.

Bu jarayonda shifokorlar uchun tanlov o‘kaziladi, ular bilan suhbatlashiladi. Keyin o‘quv-treninglar tashkil etiladi.

«So‘ngra xalqimiz uchun ijtimoiy roliklar tayyorlaymiz. Tanlangan poliklinikalarning manzili, ular bilan bog‘lanish uchun kontaktlarni beramiz. Murojaat qilgan ko‘ngillilar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ularga tushuntirish ishlari olib boriladi.

Rejada 5000 odam kutyapmiz. Shuncha insonga yetadigan vaksina hozir Xitoydan Toshkentga olib kelingan. Vaksinalar maxsus sharoitlarda saqlanyapti. Ko‘ngillilar jamoasini shakllantirib olganimizdan keyin har bir oilaviy poliklinikada imkoniyatdan kelib chiqib ma’lum sondagi ko‘ngillilar bo‘yicha sinov ishlari amalga oshiriladi.

Yana bir savol tug‘ilyapti – sinovlar viloyatlarda ham o‘tkazilishi haqida. Yo‘q. Bu hozir tadqiqot bo‘lgani uchun faqat Toshkent shahrida o‘tkazamiz. Buning o‘ziga yarasha qulayliklari bo‘lishi kerak. Monitoring jarayonini samarali tashkil qila olishimiz juda muhim hisoblanadi.

Xitoylik hamkorlarimiz bilan suhbatda Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya instituti mutaxassislari ham ishtirok etishdi. Bu jarayonni o‘tkazadigan asosiy insonlar shifokorlarimiz bo‘ladi. Innovatsion rivojlanish vazirligi bu jarayonni muvofiqlashtiruvchi, amaliy jihatdan ishni tashkil qilishda yordamchi va monitoring to‘g‘ri olib borilayotganini kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi», dedi vazir.

Avvalroq, Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti tomonidan tayyorlangan vaksina sinovining uchinchi bosqichi O‘zbekistonda ham o‘tkazilishi xabar qilingandi.

Самый горячие новости на нашем ТЕЛЕГРАМ канале.


Написать комментарий