BIRINCHI BO'L!

Eng muhim yangiliklardan birinchi xabardor bo'ling!

Obuna bo'lish
×

Tezkor! Kiyev va Xarkovga raketa zarbalari berilmoqda!

Bugun, 24 fevral kuni erta tongda Ukrainaning Kiyev, Xarkov va Dneprdagi harbiy infratuzilma ob’ektlariga raketa hujumlari uyushtirildi. Bu haqda Facebook’da Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenko ga tayanib "Qalampir" nashri ma’lum qildi.

“Bosqin boshlandi. Hozirgina Kiyev, Xarkov, Dneprdagi harbiy boshqaruv markazlari, aerodromlar, harbiy omborlarga raketa zarbalari berildi. Chegarani artilleriyadan o‘qqa tutmoqda. Bugundan boshlab dunyoda yangi geosiyosiy voqelik vujudga keldi. Yo Ukraina va dunyo yangi Gitlerni hozir to‘xtatadi, yoki Uchinchi jahon urushi bo‘ladi”, deb yozgan u.

Ukraina ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Rossiya qo‘shinlari Xarkov yaqinida Ukraina chegarasini kesib o‘tgan. Shuningdek, Mariupol va Odessaga Rossiya qo‘shinlari desant tushirgani haqida ham xabar berilgan.

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.

Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi. 

Fikr qoldiring